Fargʻonada 4 kishi xot-dogdan zaharlandi

Oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda

Sanepidqoʻmita Fargʻona viloyati boshqarmasi Oʻzbekiston tumani boʻlimiga 6-noyabr kuni soat 11:30larda tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Yuqumli kasalliklar boʻlimiga 4 nafar bemorni oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi tashxisi bilan yotqizilganligi yuzasidan xabarnoma berilgan.

Ushbu xabarnomaga asosan Sanepidqoʻmita xodimlari tomonidan sanitariya-epidemiologik surishtiruv ishlari olib borildi.

Surishtiruv davomida bemorlarning 2 nafari 5-noyabr kuni tushlik vaqtida Oʻzbekiston tumani “Yaypanbozorbosh” MFY, Ibn Sino koʻchasida faoliyat olib borayotgan fastfut mahsuloti tayyorlab sotish shoxobchasida xot-dog mahsulotini isteʼmol qilganligi, yana 2 nafar bemor esa ushbu tumanning “Oqtepa” MFY, “Turkiston” koʻchasida faoliyat olib borayotgan “OQTEPA MINI FOOD” nomli fastfut mahsuloti tayyorlab, sotish shoxobchasida xot-dog mahsulotini isteʼmol qilganligi maʼlum boʻldi.

Bemorlar shifoxonada shifokorlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, “Oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi” tashxisi bilan boʻlimga yotqizildi. Bemorlarning umumiy holati qoniqarli.

Ushbu holat Sanepidqoʻmita mutaxassislari tomonidan toʻliq nazoratga olingan. Oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling