Oʻzbekiston kosmik fazo, Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish boʻyicha xalqaro shartnomaga qoʻshildi

Prezident tomonidan bu haqdagi qonun imzolandi

Prezident tomonidan “Kosmik fazo, shu jumladan Oy va boshqa samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan foydalanish boʻyicha davlatlarning faoliyat tamoyillari toʻgʻrisida”gi shartnomaga Oʻzbekistonning qoʻshilishi haqidagi qonun imzolandi.

Mazkur shartnoma AQSH, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi tomonidan 1967-yil 27-yanvarda imzolangan va 1967-yil 10-oktyabrdan kuchga kirgan. Bugungi kunda unga 114 ta davlat qoʻshilgan. Ushbu hujjat kosmik fazoning huquqiy asoslarini belgilab beruvchi 17 ta moddani oʻz ichiga oladi.

Shartnomaga qoʻshilish Oʻzbekiston uchun bir qator xalqaro kosmik huquqlarni taqdim etadi.

Xususan, hech qanday diskriminatsiyasiz kosmik fazo va samoviy jismlarni tadqiq qilish va ulardan tinch maqsadlarda foydalanish, ortiqcha toʻsiqlarsiz erkin tarzda ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, bu borada davlatlararo tenglikka ega boʻlish, uchirilgan kosmik obyektlar va ularning ekipajlari ustidan yurisdiksiya hamda nazoratni saqlab qolish, kosmik sohada faoliyat yurituvchi davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish orqali texnologiyalar transferini jadallashtirish kabi koʻplab normalar shular jumlasidan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling