Andijon, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Chinoz tumanida faoliyat yurituvchi advokatlik byurosi advokati va uning opasi oʻzaro til biriktirib, hozirda jazo muddatini oʻtayotgan mahkumga tegishli fermer xoʻjalikka baliqchilik bilan shugʻullanish uchun 2016-yilda Chinoz tumani hokimining qaroriga muvofiq 49 yil muddatga ijaraga berilgan 9,72 gektar yer maydonini soxta hujjatlar asosida davlat idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 35 ming AQSH dollari olgan vaqtlarida ushlandi.
Navbatdagi holatda, Andijon shahridagi ulgurji savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi masʼuliyati cheklangan jamiyatning muqaddam bir necha marotaba sudlangan rahbari 1985-y.t., yakka tartibdagi tadbirkor bilan til biriktirib, oʻziga Asaka tumani hokimining 2020-yildagi qaroriga asosan issiqxona inshootlari qurish maqsadida ajratilgan 1 gektar yer maydonining toifasini mansabdor tanishlari orqali oʻzgartirib, u yerda 30 ta kottej tipidagi uy-joylar qurish uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 230 ming AQSH dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, ular soʻralgan pul mablagʻidan 30 ming AQSH dollarini oldindan olgan vaqtlarida ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbirda, Jarqoʻrgʻon tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjalik rahbari 2015-yilda tuman hokimining qarori bilan chorvachilik va qishloq xoʻjaligi maxsulotlari yetishtirish maqsadida 49 yil muddatga ijaraga berilgan yer maydonining 11 gektar qismini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 430 mln. soʻm talab qilib, oldindan 23.600 AQSH dollari va 100 mln. soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari oʻtkazgan tezkor tadbirda esa Urganch shahrida yashovchi, 1969 va 1980-yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro, Urganch tumani hokimligi zaxirasidagi 5 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali, maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchasi qurmoqchi boʻlgan tadbirkor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 350 mln. soʻm talab qilishib, oldindan 300 mln. soʻm olgan vaqtlarida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling