Boku shahrida boʻlib oʻtayotgan COP29 sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb bilan uchrashuv oʻtkazdi.
Koʻp qirrali Oʻzbekiston-Finlandiya hamkorligini rivojlantirish masalalari koʻrib chiqildi. Faol siyosiy va parlamentlararo aloqalar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yangi iqtisodiy kun tartibini shakllantirish uchun metallurgiya, elektrotexnika, kimyo, telekommunikatsiya va boshqa sohalarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturini tayyorlash taklif etildi.
Shu maʼnoda, 2025-yil yanvar oyida Xelsinki shahrida boʻlib oʻtadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi va biznes forumiga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligi taʼkidlandi.
Taʼlim va ekologiya sohasidagi almashinuvlarni mustahkamlash, shu jumladan BMTning Orolboʻyi uchun Trast jamgʻarmasi faoliyatida Finlyandiyaning faol ishtirok etishi istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi koʻrib chiqildi.
Oʻzbekiston prezidenti Chernogoriya prezidenti Yakov Milatovich bilan ham uchrashuv oʻtkazdi.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Iqtisodiy kun tartibini ishlab chiqish uchun Hukumatlararo komissiya tuzish va uning birinchi yigʻilishini kelgusi yilda Toshkent shahrida biznes forumi bilan birgalikda oʻtkazish taklif etildi.
Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy hamkorlik va investitsiyalarni himoya qilish boʻyicha asosiy bitimlar tayyorlanadi, ustuvor yoʻnalishlarda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga doir “yoʻl xaritasi” ishlab chiqiladi.
Boʻlajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasi ham koʻrib chiqildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling