Xorazm Transport boshqarmasi bosh mutaxassisi tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi fuqaroning ishonchiga kirib, boshqa fuqaroga tegishli boʻlgan va Urganchda transport xizmatlari koʻrsatishga ixtisoslashgan MCHJga qarashli 960 metr kvadrat boʻsh yer maydonini kadastr idoralaridagi tanishlari orqali uning nomiga oʻtkazishni vaʼda qilgan.
U yerda koʻp qavatli turar-joy qurishi uchun tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 135 ming dollar talab qilgan. Shundan 80 ming dollarni oldindan olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasining 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Fargʻona viloyatida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Yozyovon tumani boʻlimi bosh mutaxassisi xizmat mavqeidan foydalangan.
U “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida pudratchi korxonaning reyting ballarini koʻtarish hamda tenderga taqdim qilish maqsadida, haqiqatda mavjud boʻlmagan qurilish texnikalarining texnik pasporti va yorliqlarini tayyorlab berish evaziga 8,7 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.