Senat yalpi majlisida “Kredit axboroti almashinuvi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun koʻrib chiqildi.
Mazkur qonun bilan jismoniy shaxslar bilan kredit bitimlarini tuzishga taqiq belgilash va uni olib tashlashga boʻlgan huquqlar, ularni Kredit bitimi tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishning tartibi va shartlari, shuningdek, kredit axborotidan foydalanuvchilarning belgilangan taqiqni buzgan holda kredit bitimi tuzganligi uchun javobgarlik belgilanilishini nazarda tutuvchi oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.
Qonunda firibgarlik yoʻli bilan fuqarolarning xabarisiz kredit mablagʻlarini ularning nomiga rasmiylashtirish va mazkur kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlarining oldini olishga qaratilgan mexanizmini yaratishga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish nazarda tutilgan.
Shuningdek, qonunda fuqaroning kredit bitimi tuzishi taqiqlangan shaxslar reyestrida mavjudligi yoki mavjud emasligi, taqiqlash (taqiqni bekor qilish) toʻgʻrisidagi arizaning holati haqida axborot olish hamda berishda kredit byurolariga nisbatan huquq va majburiyatlar, ularga nisbatan qoʻllaniladigan choralar va sanksiyalar ham aks ettirilmoqda.
Qonunning qabul qilinishi fuqarolar ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimini rasmiylashtirish bilan bogʻliq firibgarlik holatlarining oldini olish maqsadida kredit byurosiga ariza kiritish orqali fuqaro bilan kredit bitimini tuzishni taqiqlash imkonini beradi.
Muhokamadan soʻng mazkur qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.