Fransiya va Ispaniya nafaqat Yevropa, balki jahon futbolidagi eng kuchli terma jamoalardan hisoblanadi. Bu bahs g‘olibi finalga yo‘l olsa, mag‘lub jamoa bronza uchun kurash bilan cheklanadi.
So‘nggi yillarda Fransiya va Ispaniya o‘rtasidagi o‘yinlar doim katta qiziqish uyg‘otib kelmoqda. Bu safar esa bahsning ahamiyati yana-da yuqori — endi gap jahon chempionati finali haqida ketmoqda.
Yarim finalgacha bo‘lgan yo‘l
Fransiya guruh bosqichida Senegal, Iroq va Norvegiyani mag‘lub etib, uchta g‘alaba bilan birinchi o‘rinni egalladi. Pley-offda esa avval Shvetsiyani 3:0 hisobida ishonchli yengdi. Keyin Germaniyani musobaqadan chiqargan Paragvay to‘sig‘idan o‘tdi, chorak finalda esa Marokashni mag‘lub etib, yarim finalga chiqdi. Didye Desham shogirdlari musobaqa davomida eng barqaror o‘yin ko‘rsatayotgan jamoalardan biri bo‘lib turibdi.
Ispaniya musobaqani Kabo-Verde bilan durangdan boshladi. Keyingi ikki turda Saudiya Arabistoni va Urugvay ustidan g‘alaba qozonib, H guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Pley-offda ispanlar Avstriyani 3:0 hisobida mag‘lub etdi, keyin Portugaliyani minimal hisobda yengdi. Chorak finalda esa Belgiyani ortda qoldirib, yarim finalga yo‘l oldi.
Asosiy intriga
Bu o‘yinda eng katta savol — qaysi jamoa o‘z uslubini raqibga qabul qildira oladi? Ispaniya odatdagidek to‘pni nazorat qilish va hujumni sabr bilan tashkil etishga harakat qiladi. Fransiya esa raqibga ko‘proq to‘p bilan o‘ynash imkonini berib, tezkor qarshi hujumlarda xavf tug‘dirishni afzal ko‘radi.
Yana bir muhim jihat — qanotlardagi kurash. Fransiya hujumida Kilian Mbappe va Usmon Dembele har qanday himoya uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Ispaniyada esa Lamin Yamal va Aleks Baena raqibni yakkakurashlarda ortda qoldirish qobiliyati bilan ajralib turadi. Qaysi jamoa qanotlarda ustunlikka erishsa, o‘yinni nazorat qilish imkoniyati ham oshadi.
Maydon markazidagi kurash ham katta ahamiyatga ega bo‘ladi. Rodri Ispaniya o‘yinini boshqaruvchi asosiy futbolchilardan biri bo‘lsa, Fransiya uning erkin harakat qilishiga yo‘l qo‘ymaslikka harakat qiladi. Shu bilan birga, ikkinchi to‘plar uchun kurash va standart vaziyatlar ham bahs taqdiriga taʼsir qilishi mumkin.
So‘nggi yillardagi o‘zaro o‘yinlar ham bu juftlikning qanchalik murosasiz ekanini ko‘rsatib turibdi. Ispaniya Yevro-2024 yarim finali hamda 2025-yilgi Millatlar ligasi yarim finalida Fransiyani mag‘lub etgan. Fransuzlar esa 2021-yilgi Millatlar ligasi finalida raqibidan ustun kelgan edi. Shu bois bu yarim final nafaqat final yo‘llanmasi, balki so‘nggi yillardagi eng qiziq raqobatlardan biriga aylangan qarama-qarshilikning navbatdagi bobi sifatida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Taxminiy tarkiblar
Fransiya: Mayk Menyan — Jyul Kunde, Ibraima Konate, Vilyam Saliba, Teo Ernandes — Orelyen Chuameni, Eduardo Kamavinga, Adriyen Rabyo — Usmon Dembele, Kilian Mbappe, Maykl Olise.
Ispaniya: Unay Simon — Pedro Porro, Roben Le Norman, Emerik Laport, Mark Kukurelya — Rodri, Fabian Ruis, Pedri — Lamin Yamal, Mikel Oyarsabal, Niko Uilyams.