Oʻzbekistondagi bogʻchalarda fransuz tilini oʻqitish va ustozlar malakasini oshirish boʻyicha qator kelishuvlarga erishildi, deb xabar bermoqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi matbuot xizmati.
Maʼlum qilinishicha, vazir Hilola Umarova Fransiyada boʻlib oʻtgan Xalqaro Frankofoniya tashkilotining 19-sammitida ishtirok etdi.
Mazkur sammit doirasida vazir Hilola Umarova va Kokoro Lingua kompaniyasi asoschisi Natali Lasslet oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil etilgan ushbu uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistondagi maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 5-6 yoshli bolalar uchun innovatsion Kokoro lingua platformasi yordamida bolalarga fransuz tilini oʻrgatish masalalarini muhokama qildi.
Muhokamalar yakunida kelgusi bir yil davomida 12 ta maktabgacha taʼlim tashkilotlarida bepul tarzda fransuz tilini oʻqitish boʻyicha kelishuv imzolandi.
Uchrashuvlar davomida vazir Hilola Umarova France Education International tashkiloti Bosh direktori Olive Brandui bilan ham uchrashdi.
Unda fransuz tomoni bilan Oʻzbekistondagi fransuz tili oʻqituvchilarini malakasini oshirish va trener oʻqituvchilarini tayyorlash, oʻqituvchilar almashuv dasturini joriy qilish hamda Oʻzbekistonda fransuz tili testlarini (DELF junior, DALF) joriy qilish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling