Prezidentning “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2025/2026 oʻquv yilidan barcha davlat universitetlarida voleybol, basketbol, gandbol, regbi, chim ustida xokkey, suv polosi jamoaviy sport turlari boʻyicha, boshqa davlat oliy taʼlim muassasalarida kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil etiladi.
2025/2026 oʻquv yilidan jamoaviy sport turlari boʻyicha quyidagi sport musobaqalarini oʻtkazib borish yoʻlga qoʻyiladi:
- “Maktab ligasi”;
- “Talabalar ligasi” va “Oliy taʼlim kubogi”;
- “Rektor kubogi”.
Vazirlik va idoralar, xoʻjalik birlashmalari, davlat ishtirokidagi tijorat banklari va korxonalarda kamida 3 ta jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublari tashkil qilinadi.
Bunda jamoaviy sport turlari boʻyicha idoraviy tashkilotlar kesimida “Rahbar kubogi”, mahalliy hokimliklar kesimida “Hokim kubogi” musobaqalari oʻtkazib boriladi.
Quyidagilar yoʻlga qoʻyiladi:
- tadbirkorlik subyektlarida jamoaviy sport turlari boʻyicha sport klublarini tashkil qilish;
- tadbirkorlik subyektlari sport klublari oʻrtasida “Korporativ sport oʻyinlari” sport musobaqasini oʻtkazib borish.