To‘rtta hududda gaz va elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda

To‘rtta tumanda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Yangiobod tumanida “A.S.” MCHJ mas’ul shaxslari “Mustaqillik” ko‘chasidagi umumiy ovqatlanish shoxobchasida gaz tarmog‘iga gaz hisoblagichdan tashqari ulanib, jami 192,2 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Shuningdek, Zangiota tumanida fuqarolar M.O. va M.X. yashash xonadonlarida past bosimli umumiy foydalanishdagi gaz quvuriga yashirincha shlang yordamida ulanib, jami 151,7 so‘mlik tabiiy resurslardan noqonuniy foydalangan.

Shu bilan birga, Beruniy tumanida fuqaro Yu.N. yashash xonadonida gaz tarmog‘iga shlang yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, jami 126,6 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Bundan tashqari, Uchtepa tumanida fuqaro R.N. o‘ziga tegishli turar-joy binosida umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, jami 111,5 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling