Ikki hududda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlari fosh etildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament.
Oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar R.D. va A.Z. Zangiota tumanidagi “Madaniyat” hamda “Farobiy” MFY hududidagi binolarda tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, jami 417,1 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro S.O. fuqaro U.B.ga tegishli “Qorabogʻ” MFY hududidagi sexga oʻrnatilgan elektr hisoblagichga shikast yetkazib, 186,6 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling