Toshkent viloyatida “zakladchik”lar ushlandi

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda

Oʻrta Chirchiq tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda 22-25 yoshdagi 3 nafar shaxs 3 gr sintetik giyohvandlik vositasini nazoratdagi xaridorga 1,7 mln soʻmga sotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qoʻlga olindi.

Qoʻlga olinganlar orasidagi shaxs (X.Gʻ.) ning yonidan 6 gramm “marixuana” aniqlandi, sherigi (Sh.L.)ga tegishli mashinadan esa giyohvandlik moddasi isteʼmoli uchun maxsus yasalgan baklajka topildi.

Olib borilgan surishtiruvlar natijasida ushbu shaxslar internet orqali giyohvandlik vositalarini sotuvchi shaxslar bilan aloqada boʻlib, “zakladchik” sifatida faoliyat yuritgani va ularga yuborilgan maxsus lokatsiyalar orqali sintetik giyohvandlik vositalarini olib, tarqatgani aniqlandi.

Tezkor tadbir davomida ushlangan shaxs (Sh.L.)ga yuborilgan soʻnggi lokatsiya asosida Qibray tumanida “Chinobod” mahallasi hududidan vazni 20 gr boʻlgan sintetik giyohvandlik vositasi yashirilgan joydan ashyoviy dalil sifatida olindi.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling