Toʻrtta viloyatda 10 kg dan ortiq giyohvandlik vositalari savdosiga chek qoʻyildi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan tezkor tadbirlar oʻtkazildi

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan joylarda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

“Toshkent-Fargʻona” yoʻnalishida harakatlanayotgan Qoʻqon shahrida yashovchi, 1997-y.t. fuqaro boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina Ohangaron shahri hududida toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning salon qismida 4 kg. 986 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, mazkur transport vositasining ortidan “Malibu” rusumli avtomashinada kuzatib kelayotgan uning 1987-y.t., muqaddam sudlangan akasi ham ushlandi.

Aniqlanishicha, ular Toshkent viloyatining Piskent tumani hududiga keltirib berish sharti bilan tojikistonlik narkosavdogardan 30 ming AQSH dollari evaziga sotib olingan ushbu giyohvandlik vositasini kelgusida Qoʻqon shahrida qayta sotib, moʻmay daromad topishni rejalashtirishgan.

Fargʻona shahrida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Fargʻona tumanida yashovchi, 1972-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs toʻxtatilib koʻzdan kechirilganda, uning yonida boʻlgan oʻyinchoq quti ichida 987 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

U mazkur ajal ogʻusini Margʻilon shahrida yashovchi, 1984-y.t. fuqarodan olganligi aniqlanib, ushbu shaxs ham protsessual tartibda ushlandi hamda unga tegishli “Kobalt” rusumli avtomashina salonidan 941 gr. “opiy” va 1 kg. 980 gr. “gashish” moddalari olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositalari muqaddam Tojikiston Respublikasi fuqarosi tomonidan kontrabanda yoʻli bilan olib kelinganligi maʼlum boʻldi.

Xorazm viloyatining Urganch shahrida kuzatilgan holatda esa, Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumanida yashovchi, 1981-y.t. fuqaro Tojikiston Respublikasidan keltirilgan 501 gr. “opiy” va 459 gr. “gashish” moddalarini 7800 AQSH dollariga sotishga kelishib, oldindan 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Yashnobod tumanida yashovchi, 1982-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs toʻxtatilib tekshirilganda, unga tegishli ish qurollari uchun moʻljallangan chemodanda 297 gr. “gashish” va 9 gr. “opiy” moddalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling