Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari bojxona hamda ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar oʻtkazishdi.
Jumladan, tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan aylanma yoʻllar orqali olib kelinib, Quyichirchiq tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg. 834 gr. “gashish” moddasini qabul qilib olgan vaqtlarida Toshkent shahrida yashovchi, 1992 va 1998-yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Boshqa holatda esa “Surxondaryo-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Oʻrtachirchiq tumani hududida toʻxtatildi.
Natijada, Yuqorichirchiq tumanida yashovchi, 1986-y.t. fuqaro boshqaruvidagi avtomashinada 1991-y.t., muqaddam sudlangan shaxs yoʻlovchi sifatida ketayotganligi maʼlum boʻldi.
Xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, avtomashinaning orqa eshiklari ichki qismiga 1 kg. “gashish” moddasi yashirib qoʻyilganligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Aniqlanishicha, ular Tojikistondan keltirilgan ajal ogʻusini Surxondaryoda qabul qilib olishgan va uni sotib moʻmay daromad topishni rejalashtirishgan.
Navbatdagi holatda Denov hamda Sariosiyo tumanlarida yashovchi, 1994, 1995 va 1997-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro 985 gr. “gashish” moddasini “Neksiya” rusumli avtomashinada Toshkent shahriga olib ketayotgan vaqtlarida Zangiota tumanida toʻxtatib, qolindi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu zahri qotil ham tojikistonlik narkokuryerlar tomonidan aylanma yoʻllar orqali mamlakatimizga olib kelinganligi aniqlandi.
Ohangaron tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Yangiyoʻl tumani hamda Yangiyoʻl shahrida istiqomat qiluvchi, 1987, 1995 va 1996-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro Qoʻqon shahriga borib, hozirda shaxsiga aniqlik kiritilayotgan narkosavdogardan 168 gr. “gashish” hamda 722 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 43 mln. soʻmga sotib olib, doimiy yashash manzillariga qaytib kelayotgan vaqtlarida qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatimizga Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan.
Yana bir holatda esa “Fargʻona-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Ohangaron shahri hududida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.
Natijada unda avtomashinani boshqarib ketayotgan Transport nazorati inspeksiyasi inspektori hamda 1975 va 1990-yillarda tugʻilgan, muqaddam kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganliklari uchun sudlangan 2 nafar yoʻlovchiga tegishli 826 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Maʼlum boʻlishicha, ular Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan ushbu dori vositalarini Qoʻqon shahrida yashovchi fuqarodan 22 mln. 500 ming soʻmga sotib olishgan.
Hozirda barcha holatlar boʻyicha qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling