Toshkent shahrida 6-fevral kuni Oʻzbekiston tomonidan adliya vaziri Akbar Toshqulov hamda Shveysariya tomonidan Shveysariyaning Oʻzbekistondagi elchisi Konstantin Obolenskiy oʻrtasida “Musodara qilingan aktivlarni taqsimlash toʻgʻrisidagi bitim” imzolandi.
Bitim doirasida taxminan 182 mln dollar miqdoridagi mablagʻlar Oʻzbekistonga qaytarilishi belgilangan.
Mazkur mablagʻlar Oʻzbekiston Respublikasi ayrim fuqarolari tomonidan noqonuniy orttirilgan boʻlib, 2012-yilda Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan G.Karimovaga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ish yurituvi doirasida toʻlaqonli musodara qilingan edi.
Mablagʻlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Uzbekistan Vision 2030 Fondi” Koʻp sheriklik trast Jamgʻarmasi orqali qaytariladi.
2022-yil 16-avgustda Shveysariyaning Bern shahrida Oʻzbekiston Respublikasi va Shveysariya Konfederatsiyasi oʻrtasidagi “Shveysariya Konfederatsiyasi hududida musodara qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni Oʻzbekiston Respublikasi aholisining manfaatlari yoʻlida qaytarish usullari toʻgʻrisidagi bitim” imzolangan.
Mazkur ishlar doirasida 2022-yil avgustda imzolangan birinchi bitim taxminan 131 mln dollar miqdoridagi mablagʻlarni Oʻzbekistonga qaytarilishini nazarda tutadi. Yangi bitim imzolanishi bilan Oʻzbekiston aholisining manfaatlari yoʻlida qaytarilgan mablagʻlarning jami miqdori 313 mln dollarga yetadi.