Vazirlar Mahkamasining “Davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror qabul qilindi.
Qarorga koʻra, 2023-yil 1-yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlarining rasmiy veb-saytlari va portallarini “Yagona darcha” tamoyili asosida oʻz ichiga oluvchi Hukumati portali yagona platformasi ishga tushirilgan.
Qaror bilan Uzinfocom davlat axborot tizimlarini yaratish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yagona integrator MCHJ yagona platforma operatori hisoblanadi.
Davlat organlarining yagona platformaga oʻtkaziladigan veb-saytlari faoliyatini texnik qoʻllab-quvvatlash hamda ularga xizmat koʻrsatish boʻyicha sarf-xarajatlar belgilangan tartibda tasdiqlangan tariflarga muvofiq davlat organlari bilan platforma operatori oʻrtasida tuziladigan shartnoma asosida mazkur davlat organlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari, davlat byudjeti mablagʻlari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunda davlat organlarining veb-saytlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash hamda ularga xizmat koʻrsatishdan tushadigan mablagʻlar operator tomonidan yagona platformani takomillashtirish, texnik qoʻllab-quvvatlash va axborot xavfsizligini taʼminlash uchun yoʻnaltiradi.
2025-yil 1-martdan boshlab davlat organlarining rasmiy veb-saytlari faqatgina yagona platformada yuritiladi. Bunda yangi tashkil etilgan davlat organlari oʻzlarining rasmiy veb-saytlari faoliyatini tashkil etilgan sanadan boshlab bir oy muddatda yagona platformada yoʻlga qoʻyadi.
Davlat organlari rahbarlari oʻz tuzilmasining rasmiy veb-sayti yagona platformada yuritilishi uchun shaxsan masʼul hisoblanadi.
Davlat organlari:
- rasmiy veb-sayt yagona platformaga oʻtkazilganidan soʻng bir hafta muddatda eski rasmiy veb-saytlar domen manzillarini hamda veb-sayt va undagi maʼlumotlarni saqlab qolgan holda, yagona platformadagi rasmiy veb-saytlar manziliga yoʻnaltiradi yoki ularning faoliyatini toʻxtatadi;
- Yagona platforma operatori bilan yagona platformaga oʻtkazilgan veb-saytlar faoliyatini texnik qoʻllab-quvvatlash hamda ularga xizmat koʻrsatishni, shuningdek, tomonlarning huquq va majburiyatlarini oʻz ichiga oluvchi shartnomani tuzish choralarini koʻradi.
“Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda yagona platformani har olti oyda begʻaraz asosda kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yuzasidan ekspertizadan oʻtkazib borsin hamda kiberxavfsizlikni taʼminlash boʻyicha doimiy monitoringni amalga oshiradi.
Yagona platformada rasmiy veb-saytlarni yuritish
Davlat organining yagona platformada joylashtirilgan rasmiy veb-sayti Yagona platformani yurituvchi tomonidan yuritiladi.
Tashkilot kabinetida yagona platformani yurituvchi tomonidan rasmiy veb-saytlarda maʼlumotlarni joylashtirish uchun qoʻshimcha xodimlarga ishlash imkoniyati yaratilishi mumkin. Bunda joylashtiriladigan maʼlumotlarning toʻgʻriligi va ishonchligi uchun masʼuliyat yagona platforma yurituvchisi zimmasida boʻladi.
Davlat organlarining rasmiy veb-saytlarini yagona platformada yuritish uchun tashkilot platforma operatori tomonidan ishlab chiqiladigan va foydalanuvchi kabinetida joylashtiriladigan platforma bilan ishlash boʻyicha yoʻriqnoma asosida amalga oshiriladi.
Davlat organlari oʻzlarining yagona platformada joylashtirilgan rasmiy veb-saytlaridagi maʼlumotlarning dolzarbligini muntazam ravishda taʼminlaydi.
Yagona platformada joylashtirilgan rasmiy veb-saytlar qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilgan holda yuritilishi hamda ularda joylashtirilayotgan maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlari yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar boʻlmasligi kerak.
Yagona platformani yurituvchi yagona platformada davlat organining rasmiy veb-saytini axborot xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda yuritish boʻyicha tegishli choralarni koʻrishi va taʼminlashi lozim.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling