23-oktyabr kuni Samarqand viloyati tumanlaridan birida 8-sinf oʻquvchisi oʻgʻirlab ketildi, deb xabar bermoqda Nemolchi.uz
Qarindoshlarining soʻzlariga koʻra, oradan maʼlum vaqt oʻtgach, ular qizlari yoʻqolgani haqida ariza yozishgan. Badanida zoʻravonlik izlari boʻlgan qiz 6-noyabr kuni topiladi. Qizning soʻzlariga koʻra, uni bir necha kun kaltaklab, spirtli ichimliklar va noqonuniy moddalar qabul qilishga majburla, irodasiga qarshi ushlab turishgan va zoʻrlagan. Uning yaqinlari qizni shifokorga olib borgan.
Ichki ishlar vazirligi aniqlik kiritishicha, Jinoyat kodeksining 119-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, barcha ishtirokchilar aniqlanib, tegishli sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. Qiz yaqinlarining soʻzlariga koʻra, ish bir-ikki kun avval ochilgan va zoʻrlaganlar orasida prokuraturada ishlovchi shaxs ham boʻlishi mumkin (ammo u eski sana bilan ishdan boʻshatilgan) — ehtimol bu ishning kech ochilishi va gumonlanuvchilar hali ham ozodlikda yurganiga sabab boʻlgandir.
“Jabrlanuvchining yaqinlari bilan suhbatda boʻlgach, Nemolchi.uz tahririyati qizga yordam berishi kerak boʻlgan idoralar bu ishga qanchalik bepisandlik bilan yondoshganidan havotirda:
1. Jabrlanuvchining yaqinlarining soʻzlariga koʻra, 7-noyabr kuni (qiz topilganning ertasiga) tergovchi uni gumonlanuvchilar bilan bitta mashinada, lekin ota-onasisiz koʻrikdan oʻtkazish uchun olib ketgan. Qiz esa eskpert erkak boʻlgani uchun ekspertizadan bosh tortdi. Shuning uchun ekspertiza 10-noyabr kuni (yana qarindoshlarsiz) oʻtkazildi. Ammo qonida alkogol yoki zararli moddalar bor-yoʻqligini tekshirish uchun undan qon olinmagan.
2. Qizning qarindoshlari prokuraturaga borishganida tashqarida ularni psixiatrik brigada kutib turgan, ularni uchastka noziri chaqirgan ekan. Vaholanki qizga psixiatrik emas, psixologik yordam kerak.
3. Jabrlanuvchi qiz bilan maktab psixologi ham ishlashi mumkin edi, lekin maktabda unga bunday yordam taqdim etilmadi. Lekin qiz maktabga bormagani uchun uning ota-onasiga jarima solishdi. Koʻp bolali oila (5 nafar farzandlari bor) 1,2 mln soʻm miqdorida jarima solishdi. Ayni damda qiz maktabga borishdan qoʻrqib turibdi, negaki hamma boʻlgan voqeadan xabardor.
4. Yuqorida aytganimizdek, gumonlanuvchilar ozodlikda. Ular qizning yaqinlarining ustidan ochiqchasiga kulib yurishibdi. Ular ish kech ochilgani uchun jazodan qochishlariga ishonishmoqda, chogʻi.
5. Nega ish faqat 119 modda boʻyicha qoʻzgʻatildi? Odamni oʻgʻirlash (JK 137-moddasi), uning erkiga qarshi zoʻrlik ishlatib uni ushlab turish (JK 138-moddasi), qiynoqqa solish-chi? (JK 110-moddasi)?
6. Oilani hech kim ”Inson“ ijtimoiy himoya markaziga yoʻnaltirmadi. Idoralararo oʻzaro taʼsir qani? Nahotki barcha tartiblar faqat qogʻozda qolsa?
Biz bir necha bor bolalarga oid ishlari koʻrilganda barcha darajadagi tizimli va ehtiyotkorlik bilan yondashish muhimligi masalasini koʻtarganmiz. Agar tizim bolalar himoya qilmas ekan, hech qanday qonun yoki ommaviy axborot vositalasi bu masalada yordam bermaydi. Qiz va uning oilasiga zulm qilgan va unga zarar yetkazgan har bir shaxs oʻz qilmishi yoki harakatsizligi uchun javob berishi kerak.
Ayni paytda qizga malakali psixolog yordami kerak, uning shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilish kerak. Aftidan, zoʻrlaganlardan biri Turkiyaga qochib ketgan. Qizga arizasini qaytarib olishi uchun har turli bosim oʻtkazilmoqda, lekin u taslim boʻlmayapti. Biroq, qachongacha sabri bardosh berarkan?
Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Bolalar ombudsmani va Bosh prokuraturani ushbu masalani oʻz nazoratiga olish va boshqa idoralar bilan birgalikda bolalarga doʻstona tizimni yaratish boʻyicha harakat qilishga chaqiramiz. Aks holda, bolalarni zoʻravonlikning barcha turlaridan himoya qilish toʻgʻrisidagi qonun rasmiy qogʻoz boʻlib qolaveradi”, — deyiladi Nemolchi.uz xabarida.
Bolalar ombudsmani holat boʻyicha izoh berib, oʻz vakolati doirasida kuzatuv olib borilayotganini maʼlum qildi.
Holat yuzasidan gumonlanuvchi shaxslarga nisbatan JKning 119-moddasi (Jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hozirda jinoyat ishi doirasida voyaga yetmagan qizga nisbatan tegishli sud-tibbiyot va biologik ekspertizalari tayinlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling