Ish haftasining birinchi yarmida yogʻingarchilik boʻlishi kutilmoqda

12-fevraldan harorat asta-sekin koʻtarila boshlaydi

Ushbu haftaning birinchi yarmida Oʻzbekiston hududi nam va nisbatan sovuq havo massalari taʼsiri ostida boʻladi. Bu haqda Oʻzgidromet xabar berdi.

Respublika boʻyicha vaqti-vaqti bilan asosan qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻlishi kutilmoqda. 13-fevralda markaziy va sharqiy viloyatlarda ayrim joylarda, shuningdek, Oʻzbekistonning choʻl hududlarida yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi.

14-fevralda respublikaning koʻpchilik viloyatlarida yogʻingarchilik kutilmaydi, faqat eng chekka janubda baʼzi joylarda biroz yomgʻir yogʻishi mumkin, togʻ oldi va togʻli hududlarda yogʻingarchilik (yomgʻir, qor) boʻladi. Havo harorati 10-11-fevralda kunduz kunlari 0-5 daraja iliq, kechalari 0-5 daraja sovuq, shimolda va choʻl hududlarda baʼzi joylarda 6-8 daraja sovuqqacha boʻladi.

12-fevraldan harorat asta-sekin koʻtarila boshlaydi va 13-14-fevralga kelib, kunduzgi harorat 8-11 daraja iliqqacha, janubda 12-14 daraja iliqqacha koʻtariladi. Gʻarbiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, sharqdan 7-12 m/s tezlikda esadi, ayrim joylarda 15-20 m/s gacha kuchayadi. Respublika boʻyicha baʼzi joylarga tuman tushadi.

Toshkentda bugun kechqurun biroz qor yogʻishi mumkin. 11-12-fevralda vaqti-vaqti bilan asosan qor koʻrinishidagi yogʻingarchilik boʻladi. 13-fevralda asosan yomgʻir koʻrinishidagi biroz yogʻingarchilik boʻlishi kutilmoqda. 14-fevralda yogʻingarchilik kutilmaydi.

Havo harorati kechalari 3 daraja sovuq-2 daraja iliq, kunduz kunlari 10-11-fevralda 0-5 daraja iliq boʻladi, 12-14-fevralda 8-10 daraja iliqqacha asta-sekin koʻtariladi. Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Gʻarbiy shamol yoʻnalishini oʻzgartirib, sharqdan 3-8 m/s tezlikda esadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling