“Kelishilgan oʻyinlar” uchun jinoiy javobgarlik belgilandi

Prezident tomonidan qonun imzolandi

Prezident “Sport sohasida korrupsiyaning oldini olish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunni imzoladi.

Endilikda sport musobaqalari natijalarini yoki ularning borishini qasddan oʻzgartirish maqsadida sportchining, trenerning, sport hakamining yoxud sport musobaqalari boshqa ishtirokchilarining va tashkilotchilarining muayyan harakatni pora evaziga ogʻdirib olayotgan shaxs manfaatlarini koʻzlab bajarishi yoxud bajarmasligi evaziga qonunga xilof ekanligini bila turib, moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor boʻlishi BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum kilish yoxud bir 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Shuningdek, mazkur qilmish takroran, koʻp miqdorda, juda koʻp miqdorda, tamagirlik yoʻli bilan, oldindan til biriktirib yoki uyushgan guruh tomonidan sodir etilganligi uchun ogʻirroq jazo nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, sport musobaqalari ishtirokchilari va tashkilotchilarini pora evaziga ogʻdirib olganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Bunda agar moddiy qimmatliklar bergan yoki mulkiy manfaatdor etgan shaxsga nisbatan moddiy qimmatliklar yoki mulkiy manfaat soʻrab tovlamachilik qilingan boʻlsa va ushbu shaxs jinoiy harakatlar sodir etilganidan keyin bu haqda 30 sutka ichida oʻz ixtiyori bilan arz qilsa, chin koʻngildan pushaymon boʻlsa va jinoyatni ochishda faol yordam bergan boʻlsa, u javobgarlikdan ozod etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling