Repost.uz tahririyatiga Toshkent shahri, Yunusobod tumani hududida joylashgan turarjoy majmuasi qurilishi bilan bogʻliq murojaat kelib tushdi. Unda Eco Dream turar-joy majmuasini barpo etish bilan shugʻullanayotgan kompaniya bir guruh fuqarolarni 2 yildan buyon aldab kelayotgani aytiladi.
Umumiy holat
GLAMUR GOLD MCHJ tomonidan qurilayotgan Eco Dream turarjoy majmuasidagi xonadonlar uchun shartnomalar tuzish 2021-yildan boshlangan. Kompaniya uylar qurilishi uchun fuqarolardan ulushdor sifatida pul olgan va ularga xonadonlarni 2022-yilning oxirgi kvartalida topshirishni vaʼda qilgan. Ammo, uylar haligacha oʻz egalariga topshirilmagan va ulushdorlarning taʼkidlashicha, ularga turli bahonalar koʻrsatib kelinmoqda.
Ahamiyatli jihati shundaki, xonadonlar uchun toʻlov qilganlarning aksariyati kam taʼminlangan oilalar hisoblanadi. Ular haligacha allaqachon foydalanishga topshirilishi kerak boʻlgan uylarni kutishga majbur qolmoqdalar.
Fuqarolar tomonidan qurilish kompaniyasiga qilingan murojaatlar muammo hal etish uchun yetarli boʻlmagan. GLAMUR GOLD MCHJ mijozlarga xonadonlar qurilishining yakunlanishini jimgina kutish yoki sudlashishni taklif qilgan. Qurilish ishlari tugashini bir necha yildan buyon kutayotgan fuqarolar esa sudma sud yurishdan tashqari, toʻlov amalga oshirilgan vaqtda AQSH dollarining soʻmga nisbatan qiymati ancha past boʻlgani, hozir esa vaziyat boshqacha ekanligini aytib, qurilish kompaniyasidan norozi ekanliklarini bildirishgan.
Mijozlar fikri
Turar-joy majmuasidagi qurilish ishlari uzoq vaqtdan beri toʻxtab qolgani aytilmoqda. Guvohlarning qoʻshimcha qilishlaricha, ushbu bino bir chetda qolib, unga qarama-qarshi tomonda joylashishi kerak boʻlgan ikkinchi binoning poydevorini koʻtarish ishlari boshlangan.
Vaholanki, uy uchun toʻlov qilgan fuqarolarga shartnomalarni rasmiylashtirish vaqtida ikkinchi binodagi qurilish ishlari birinchisi foydalanishga topshirilganidan keyin boshlanishi aytilgan.
“Uy uchun toʻlov qilgan fuqarolarning ayrimlari ipoteka, ayrimlari esa ijara sabab qarzga kirib qolgan. Biz bu masalaga jamoatchilik va mutasaddi tashkilotlar eʼtibor qaratishini istaymiz. Qurilish kompaniyasi oʻz majburiyatlarini bajarish kerak, chuv tushgan ulushdorlarning huquqlari taʼminlanishi shart. Axir, biz majmuaning foydalanishga topshirilishini 3-4-yildan beri kutyapmiz”, – deydi ulushdorlardan biri.
Qurilish kompaniyasi munosabati
Repost.uz tahririyati vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida qurilish kompaniyasi rasmiylari bilan bogʻlandi.
Qurilish kompaniyasi vakillarining taʼkidlashlaricha, haqiqatdan ham xonadonlar qurilishi aytilgan vaqtdan kechikkan. Ammo buning sabablari fuqarolarga tushuntirilgan va kompensatsiya masalasida sudga murojaat qilishlari mumkinligi aytilgan.
Kompaniya rasmiylari shuningdek, qurilish ishlari davom etayotgani, bu haqida ulushdorlarga video va fotohisobotlar berib borilayotganini taʼkidlashdi.
Tahririyatdan
Uy-joy qurilishi sohasida bu kabi muammolar ilk bor kuzatilayotgani yoʻq. Qurilish kompaniyalari tomonidan fuqarolarni aldash holatlari bugungi kun uchun yangilik boʻlmay qoldi. Muammoni hal etishning chorasi esa bitta – mutasaddi tashkilotlar qurilish kompaniyalari faoliyatini qatʼiy nazorat ostiga olishlari shart. Ana shunda bu kabi muammolar oz boʻlsa-da barham topadi.
Agar siz yoki tanishlaringiz shu kabi holatga duch kelgan bo'lsa, Telegram-botimiz orqali tahririyatga murojaat yo'llang.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling