Maktabgacha va maktab ta‘limi vazirligi Toshkent viloyatidagi ayrim bog‘chalarda bolalar ovqatdan zaharlanishi yuzasidan izoh berdi.
Taʼkidlanishicha, barcha bolalar sog‘ayib, ularning salomatligiga xavf yo‘qligi to‘liq tasdiqlandi. Davolash jarayonlari shifokorlar nazoratida samarali tashkil etildi va bolalar o‘z oilalari bag‘riga qaytdi.
2-oktabrdan boshlab barcha bog‘chalar o‘z faoliyatini odatiy ish rejimida davom ettiradi.
Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ayrim bog‘chalarda umumiy ovqatlanish xizmatlari xususiy korxonalar tomonidan autsorsing tizimi orqali yo‘lga qo‘yilgan. Shartnomalarda sanitariya talablari va me‘yorlariga qat‘iy rioya qilish belgilangan.
Shu bilan birga, vazirlik o‘z mas‘uliyatini chuqur his qiladi va nazorat mexanizmlarini yana-da kuchaytiradi.
Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda voqea tafsilotlari har tomonlama o‘rganilmoqda. Kamchiliklar aniqlansa, tegishli shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.
Joylarda ko‘rsatilayotgan autsorsing xizmatlari sifati ustidan nazorat tizimi yana-da kuchaytiriladi.
Maktabgacha ta‘lim va maktab ta‘limi vazirligi bunday holatlarning oldini olish uchun tizimli choralar ko‘rilishini ma‘lum qildi.