Endi faqat psixologiya yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega shaxslargina psixologik yordam koʻrsatishi mumkin boʻladi

“Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi

“Aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Qonun aholiga psixologik yordam koʻrsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.

Qonunga koʻra, psixologik yordam – tang (krizisli) vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etishga, shaxslararo munosabatlarni hamda ruhiy salomatlikni yaxshilashga, shaxsiyatni rivojlantirishga yoki insonning ijtimoiy moslashuvini yaxshilash uchun psixologik taʼsir koʻrsatishga qaratilgan, psixologik yordam koʻrsatish standartlariga muvofiq amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmui hisoblanadi.

Psixologik yordam davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi psixologlar yoxud ushbu sohada xususiy tartibda faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar yoki yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan bepul yoki pullik asosda koʻrsatiladi.

Maktabgacha, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchilarning psixologik salomatligini saqlash, sogʻlom psixologik muhit yaratish va ularning shaxsiy rivojlanishiga koʻmaklashish maqsadida psixologik yordam koʻrsatish tashkil etiladi.

Shaxs psixologik yordam koʻrsatish sohasidagi tadqiqotlarga yoki ilmiy tajribalarga faqat ixtiyoriy ravishdagi yozma roziligi yoki oʻz qonuniy vakillarining yozma roziligi olinganidan keyin jalb etilishi mumkinligi belgilandi.

Psixologiya yoʻnalishi boʻyicha oliy maʼlumotga ega boʻlgan shaxslar psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga ega.

Shaxsning psixologik yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qilganligi fakti, psixologik yordam natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar va psixologik yordam koʻrsatish chogʻida olingan boshqa maʼlumotlar psixologning kasbiy sirini tashkil etadi hamda shifokor siriga tenglashtiriladi.

Shuningdek, psixologik yordamni bunday huquqqa ega boʻlmagan shaxs tomonidan koʻrsatish yoxud aholiga psixologik yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilandi.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling