Haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi

Sport maktablarida ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi

“Yoshlarning sport bilan muntazam shugʻullanishi uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, haftaning har payshanba kuni jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilandi. 2025/2026 oʻquv yilidan:

  • sport maktablarini sport turlariga ixtisoslashtirish amaliyoti joriy etiladi;
  • sport maktablarida ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner lavozimi joriy etiladi;
  • har bir ommaviy sport boʻyicha trener-seleksionerga 5 tagacha mahalla va uning hududidagi davlat taʼlim muassasalari biriktiriladi;
  • ommaviy sport boʻyicha trener-seleksioner oʻziga biriktirilgan hududda “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini oʻtkazib borishga masʼul hisoblanadi.

2025/2026 oʻquv yilidan hududlardagi olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar faoliyati quyidagi yangicha tartibda tashkil qilinadi:

  • sport turlari boʻyicha mahorat maktablari tashkil qilinadi;
  • mahorat maktablari faoliyati sport turlari boʻyicha iqtidorli yosh sportchilarni saralab olish va ularni terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlashga yoʻnaltiriladi hamda alohida sport turlariga ixtisoslashtiriladi;
  • mahorat maktablari oʻquvchi-sportchilarining umumiy kontingenti jami 150 nafardan koʻp boʻlmagan miqdorda 7–11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi;
  • mahorat maktablari oʻquv dasturini oʻzlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisidagi shahodatnoma beriladi;
  • mahorat maktablarida oziq-ovqat bilan taʼminlash xarajatlarini qisman qoplash uchun ota-onalar toʻlovi undirilmaydi.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling