Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti viloyat boshqarmasi tomonidan korrupsiyaga qarshish kurashish yoʻnalishida tezkor tadbirlar oʻtkazilmoqda.
Navbatdagi shunday tezkor tadbirda Kattaqoʻrgʻon tumani soliq inspeksiyasi inspektori, 1981-yilda tugʻilgan M.R. mazkur tumanda yashovchi mahalliy fuqaroning 11 million 500 ming soʻm miqdoridagi soliq qarzini elektron bazadan oʻchirish va qarzdorlik toʻlanganligi xususida soxta hujjat rasmiylashtirib berish evaziga fuqarodan talab qilingan 6 million soʻm pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olindi.
Samarqand shahar mudofaa ishlari boʻlimi safarbarlik chaqiruv rezervi boʻlinmasi boshligʻi, Qurolli Kuchlar xizmatchisi, 1972-yilda tugʻilgan S.I. va uning yordamchisi, 1991-yilda tugʻilgan F.E. oʻzaro jinoiy til biriktirgan holda Samarqand shahrida yashovchi mahalliy fuqaroning AQSHga ishlash uchun ketgan oʻgʻliga safarbarlik chaqiruv rezervida harbiy xizmatni oʻtaganligi xususida soxta harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 dollar talab qilgan. Ular kelishilgan mablagʻni olayotgan vaqtda qoʻlga tushdi.
Poraxoʻrlik bilan bogʻliq jinoiy harakatlar Paxtachi va Narpay tumanlarida qayd etildi. Jumladan, Milliy gvardiya Paxtachi tumanlararo qoʻriqlash boʻlimi xodimi, 1998-yilda tugʻilgan safdor Sh.A. mahalliy fuqaroga Paxtachi tumanida joylashgan “Qoraqoʻton oltin koni” hududidagi 25-sonli shaxtadan tarkibida oltin moddasi boʻlgan toshlarni qazib olishga sharoit yaratib berish evaziga 8 million soʻm va 600 dollar talab qilib, kelishilgan puldan qolgan 600 dollarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muxandisi, 1998-yilda tugʻilgan, S.Sh. esa mahalliy fuqaroning yaqin qarindoshi nomidagi turar joyga kadastr hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 700 dollar talab qilib, bu pulni olgan vaqtda qilmishi fosh etildi.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalariga muvofiq jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling