Harbiylarga uy ijarasi uchun to‘lanadigan kompensatsiya oshirilishi mumkin

Shuningdek, mudofaa ishlari organlari xodimlarining maoshi bosqichma-bosqich oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev mudofaa sohasidagi ayrim masalalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Taqdimotda havo sarhadlarini himoya qilishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, aviatsiya bo‘linmalarini zamon talablariga mos ravishda qayta tashkil qilish bo‘yicha taklif etilayotgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, harbiy tibbiyot sohasida Turkiya bilan hamkorlikni rivojlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Prezidentning joriy yil yanvar oyida Turkiyaga tashrifi davomida ikki mamlakat hukumatlari o‘rtasida harbiy tibbiyot sohasida taʼlim va hamkorlik bitimi imzolangan edi.

Taqdimotda ushbu bitim doirasida amalga oshirilishi taklif etilayotgan choralar haqida axborot berildi. Mutaxassislarni davolash ishi, stomatologiya, farmatsevtika, profilaktika, tibbiy kasb-hunar va hamshiralik oliy taʼlimi yo‘nalishlarida, magistratura va aspiranturada o‘qitish, harbiy shifokorlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, tibbiyotning ilmiy yo‘nalishlarida hamkorlik qilish, seminar, kongress va simpoziumlar o‘tkazish, o‘qituvchi, maslahatchi, ilmiy xodim va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma mashg‘ulotlar tashkil etish, bemorlarni birgalikda davolash hamda tibbiyot muassasalarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Taqdimotda mudofaa ishlari organlarida chaqiriluvchilarni qayd etish, tibbiy va chaqiruv komissiyalari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi. Mazkur jarayonlarning shaffofligi va tezkorligini oshirish, fuqarolar uchun qulaylik yaratish muhimligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, mudofaa ishlari organlari fuqaro xodimlarining ish haqini bosqichma-bosqich oshirish, harbiy xizmatchilarga Toshkent va Samarqand shaharlarida turar joy ijarasi uchun to‘lanadigan har oylik pul kompensatsiyasi miqdorini ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Prezident qo‘shinlarning jangovar shayligi va tayyorgarligini oshirish, harbiy boshqaruv va taʼlim tizimiga ilg‘or tajribalarni joriy etish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.

Mutasaddilarga harbiy taʼlim tizimidagi islohotlarni izchil davom ettirish, askarlarni kasbga o‘rgatish, ularni oliy taʼlim muassasalariga tayyorlash va buning uchun munosib sharoitlar yaratish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling