Qonun bilan Mehnat kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qonun bilan Mehnat kodeksiga “Yagona milliy mehnat tizimi” idoralararo dasturiy-apparat majmuida elektron shakldagi mehnat shartnomasini rasmiylashtirish tartibini joriy etishni, ish haqi saqlanmaydigan taʼtil davomiyligini belgilash tartibini va xodimning oʻrtacha ish haqini hisoblash tartibini oʻzgartirishni nazarda tutuvchi qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Shuningdek “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq xodimlar kechki yoki sirtqi taʼlim shaklida oʻqishi mumkin boʻlgan taʼlim tashkilotlarining turlarini aniqlashtiruvchi oʻzgartirishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, homiladorligi yoki farzandi borligi sababli xodimni ishdan boʻshatishga taqiq joriy etilmoqda.
Kiritilayotgan oʻzgartirishlarga koʻra, davlat organlari va tashkilotlari ishga qabul qilish chogʻida ishga kirayotgan shaxsning pasportiga yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasiga, mehnat daftarchasiga oid maʼlumotlarni mustaqil ravishda, shu jumladan axborot tizimlaridagi idoralararo integratsiyalashuv platformalari orqali soʻrab oladi.
Davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatga oid munosabatlariga nisbatan mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikning amal qilishi “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi Qonun bilan tartibga solinmagan qismi boʻyicha tatbiq etilishi belgilandi.
Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.