Kambagʻal oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1000 nafari natija koʻrsata olmadi — prezident

Prezident raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan yigʻilish oʻtkazilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

Yigʻilishda hamma rahbarlar ham ehtiyojmand aholini ishli qilib, daromadini koʻpaytirish, ularga manzilli ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatishni toʻgʻri tashkil qila olmayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, kambagʻal oilalarga biriktirilgan rahbarlarning 1 ming nafari natija koʻrsata olmadi. 184 nafari ushbu oilalar xonadoniga biror marta ham bormagan.

Nogironligi bor shaxslar bandligi darajasi respublikada 20 foizga yetgani bilan, bu ishlar Jalaquduq, Chimboy, Pastdargʻom, Chortoq va Denov tumanlarida qoniqarsiz.

Mutasaddilarga ushbu tumanlarni namunali qilish, har bir masʼulga aniq vazifa belgilash topshirildi.

Shuningdek, kelgusi yil Investitsiya dasturiga kiradigan 598 ta ijtimoiy obyekt loyihasi nogironligi bor odamlarga moslab ishlab chiqilmagani tanqid qilindi.

Ushbu viloyat, tuman hokimlariga xatolarni toʻgʻrilash topshirildi.

Viloyat hokimlari bu yil bittadan namunaviy koʻcha qilib, nogironligi borlar uchun qulay sharoit yaratishi kerak edi.

Andijon, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent viloyatida bu boradagi ishlar boshlangan, qolgan viloyatlar loyiha ham qilmagani, mablagʻ ham bermagani koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilarga bu ishlarni ikki oyda yakunlab, kelgusi yil har bir tumanda yana bittadan koʻchada qilish vazifasi qoʻyildi.

Bosh prokuror oʻrinbosari I.Adhamovga bu borada oʻzgarish qilmaganlarga qatʼiy chora koʻrish topshirildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling