Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar va 2025-yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.
Kambagʻal oiladagi 460 ming odam tibbiy yordamga, 6 mingta oila esa uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj. Shu bois 2025-yilda muhtoj odamlarning jarrohlik amaliyoti uchun Tibbiy sugʻurta jamgʻarmasiga qoʻshimcha 185 milliard soʻm ajratiladi.
“Ijtimoiy daftarlar” mablagʻi faqat kambagʻal oilalarni yashash sharoitini yaxshilash, tibbiyot, taʼlim xizmatlarini koʻrsatish va daromadini oshirishga sarflanadi. Adolat boʻlishi uchun, endilikda bu mablagʻlar tumandagi kambagʻallar soniga qarab taqsimlanadi.
Ijtimoiy daftarlar mablagʻining 30 foizini tuman hokimlariga “Inson" markazlari bilan mahalladagi uy-joy, yoʻl, suv va elektrni yaxshilash uchun ishlatishga ruxsat beriladi. Yana bir masala – hozirda 400 ta koʻp qavatli ijtimoiy uyda 25 ming aholi istiqomat qiladi. Lekin ular yaqin qarindoshlari va odatiy yashash sharoitidan ancha uzoqlashib qolayotgani taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan ehtiyojmand aholini bitta ijtimoiy uy-joyga joylashtirishdan voz kechiladi. Ularga oʻzini mahallasiga yaqin joydagi uyni ijaraga olishga ruxsat beriladi, xarajati qoplab beriladi. Ijtimoiy himoya agentligi direktori M.Olloyorovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
Hozirgi kunda 65 turdagi ijtimoiy xizmat va yordam olish uchun fuqarolarimiz tugʻilganlik, nogironlik toʻgʻrisida, pensiya, talabalik guvohnomasi, bank kartasi kabi 10 dan ortiq hujjatni koʻtarib yurishga majbur. Bunday ovoragarchilikka chek qoʻyish vaqti kelganini taʼkidlab, Prezident barcha hujjatlarni oʻrnini bosadigan bitta – ijtimoiy karta joriy etilishini eʼlon qildi.
Ijtimoiy karta bilan avtobus va metroda bepul yurish, elektr, gaz va oʻqish xarajatiga kompensatsiya olish mumkin boʻladi, nafaqa va yordam pullari ham shu kartaga tushadi. Bu tizim 1-iyulgacha Toshkent shahri va Yangiyoʻl tumanida sinovdan oʻtkaziladi, yil yakunigacha hamma joyda ishga tushiriladi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling