Har safar bu ikki jamoa jahon chempionatida to‘qnash kelganda, uchrashuv atrofidagi qiziqish oddiy futbol bahsidan ancha yuqori bo‘lgan.
Angliya va Argentina mundial final bosqichida oldin ham bir necha bor uchrashgan. 1966-yilgi chorak final, 1986-yildagi mashhur "Xudoning qo‘li" va Maradonaning asriy goli, 1998-yildagi penaltilar seriyasi hamda 2002-yilgi guruh bahsi bu raqobatni jahon futbolidagi eng mashhur to‘qnashuvlardan biriga aylantirgan. Endi ularning yo‘llari yana bir bor yarim finalda kesishmoqda.
Yarim finalgacha bo‘lgan yo‘l
Argentina J guruhini birinchi o‘rinda yakunladi va pley-offga ishonchli yo‘l oldi. Lionel Skaloni shogirdlari avval 1/16 finalda Kabo-Verdeni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Nimchorak finalda Misrni ortda qoldirgan argentinaliklar chorak finalda ham Shveysariya to‘sig‘ini muvaffaqiyatli bosib o‘tib, yarim finalga chiqdi. Amaldagi jahon chempionlari musobaqa davomida qiyin vaziyatlarga ham duch keldi, ammo har safar kerakli natijani qo‘lga kirita oldi.
Angliya esa L guruhida birinchi o‘rinni egalladi. Pley-offda avval DR Kongoni, keyin Meksikani mag‘lub etgan Tomas Tuxel jamoasi chorak finalda Norvegiyaga qarshi og‘ir bahs o‘tkazdi. Asosiy vaqtda g‘olib aniqlanmagan bo‘lsa-da, inglizlar qo‘shimcha vaqtda g‘alabani qo‘lga kiritib, yarim finalga yo‘l oldi. Angliya pley-offning har bir bosqichida xarakter ko‘rsatayotgan jamoalardan biri bo‘lib turibdi.
Asosiy intriga
Bu uchrashuvdagi eng katta intriga — o‘yin surʼatini kim belgilashida. Angliya raqibga yuqori bosim o‘tkazishni yaxshi ko‘radi va hujumga tez o‘tishga harakat qiladi. Argentina esa o‘yin davomida vaziyatni his qilib harakat qiladigan, kerak paytda surʼatni pasaytiradigan va to‘p nazoratini qo‘lga oladigan jamoa hisoblanadi.
Yana bir qiziq nuqta — yetakchi futbolchilarning bahsi. Angliyada Harri Keyn va Jud Bellingem hujumlarning asosiy quroli bo‘lib turibdi. Argentinada esa Lionel Messi hali ham hal qiluvchi o‘yinlarda farq yarata oladigan futbolchi ekanini isbotlab kelmoqda. Undan tashqari, Xulian Alvares va Aleksis Mak Allister kabi futbolchilar ham muhim rol o‘ynashi mumkin.
Maydon markazidagi kurash ham hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi. Angliyaning jismoniy kuchga asoslangan o‘yiniga qarshi Argentina to‘p bilan to‘g‘ri qaror qabul qilish va qisqa uzatmalar orqali bosimdan chiqishga harakat qiladi. Agar inglizlar raqibga erkin harakat qilish imkonini bermasa, o‘yin ular nazoratida kechishi mumkin. Aks holda, Argentina tajribasi va sovuqqonligi bilan ustunlikka erishishga harakat qiladi.
Taxminiy tarkiblar
Angliya: Jordan Pikford — Kayl Uoker, Mark Gei, Levi Kolvill, Lyuk Shou — Deklan Rays, Konor Gallaxer — Bukayo Saka, Jud Bellingem, Fil Foden — Harri Keyn.
Argentina: Emiliano Martines — Nauel Molina, Kristian Romero, Nikolas Otamendi, Nikolas Talyafiko — Rodrigo De Paul, Enso Fernandes, Aleksis Mak Allister — Lionel Messi, Xulian Alvares, Tyago Almada.