Uchta hududda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlandi

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Boʻzatov va Taxiatosh tumani boʻlimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlari oʻtkazildi.

Fuqarolar A.A. va B.D. oʻzlariga tegishli xonadonlarda payvandlash va boshqa uskunalarni elektr tarmoqlariga hisoblagichdan tashqari toʻgʻridan-toʻgʻri ulagan. Jami 353,2 mln soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.

Departamentning Samarqand va Kattaqoʻrgʻon shahri boʻlimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlari oʻtkazildi.

“S.U.” hamda “A.K.” MCHJ rahbarlari ushbu korxonalarga qarashli savdo doʻkoni, novvoyxona va mehmonxonada elektr va gaz tarmoqlariga tijorat maqsadida toʻgʻridan-toʻgʻri ulangan. Jami 216,7 mln soʻmlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan.

Departamentning Qamashi va Koson tumani boʻlimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar oʻtkazidi.

“N.”, “Gʻ.P.” va “B-Z.” fermer xoʻjaliklari masʼul shaxslari umumiy foydalanishdagi elektr tarmogʻiga tijorat maqsadida oʻzboshimchalik bilan ulangan. Jami 129,5 mln soʻmlik elektr energiyadan noqonuniy  foydalanilgan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling