Buxoroda ona oʻz qizining qoʻli va yuziga qizigan kapkir bosdi

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda

Buxoro viloyati, Shofirkon tumanida ona oʻz qizining qoʻli va yuziga qizigan kapkir bosdi. Holat Bolalar ombudsmani tomonidan alohida nazoratga olingan.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida M.J. (1990-yilda tugʻilgan ayol) joriy yilning 25-oktyabr kuni uyining oshxonasida 2015-yilda tugʻilgan qizi B.A. ning qoʻllari va yuz qismiga qizigan oshxona temir kapkirini bosib, qizi B.A. ga tan jarohati yetkazganligi aniqlangan.

Voyaga yetmagan qizga nisbatan sudga oid tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Hozirda voyaga yetmagan B.A. tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilib, unga shifokorlar tomonidan zaruriy tibbiy xizmat koʻrsatilmoqda.

Holat yuzasidan Shofirkon tuman IIB huzuridagi TG tomonidan M.J. ga nisbatan JKning 126 (1) moddasi 3 -qismi (Oilaviy (maishiy) zoʻravonlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling