Oʻzbekistonda uy-joy va ipoteka bozoriga 20,9 trln soʻm ipoteka kreditlari ajratiladi

Prezidentning “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi

Prezidentning “Uy-joy va ipoteka bozorini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga koʻra, 2025-yilda bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturining asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi:

  • hududlarda jami 8,1 million m2dan iborat 135 ming kvartirali uy-joylarni qurish;
  • ipoteka kreditlari boʻyicha dastlabki badal va foiz toʻlovlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar sonini 1,5 baravarga oshirish va mazkur maqsadlarga Davlat byudjetidan 2,5 trillion soʻm yoʻnaltirish;
  • uy-joy va ipoteka bozorini moliyaviy resurslar bilan taʼminlash uchun 20,9 trillion soʻm miqdoridagi ipoteka kreditlarini ajratish;
  • “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylarni barpo qilishda ishtirok etadigan qurilish tashkilotlarini aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash uchun byudjetdan 700 milliard soʻm hamda tijorat banklarining oʻz mablagʻlari hisobidan 3 trillion soʻm miqdoridagi mablagʻlarni yoʻnaltirish.

2025-yilda “Yangi Oʻzbekiston” va boshqa massivlarda koʻp kvartirali uy-joylar qurishning maqsadli koʻrsatkichlari tasdiqlandi.

2025-yil 1-martdan “Yangi Oʻzbekiston” massivlari uchun yangi hududlar urbanizatsiya tamoyillariga muvofiq tanlanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling