Oʻzbekistonda 2024-yili is gazi bilan zaharlanishga doir 32 ta holat yuzaga keldi

2023-yilda 46 holat yuzaga kelgan boʻlsa, 2024-yilning shu davrida 32 ta holat yuzaga keldi

AOKAda Favqulodda vaziyatlar vazirligi, “Hududgaztaʼminot” AJ, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani oʻtkazildi.

FVVning maʼlum qilishicha, Oʻzbekistonda 2022-yil is gazidan zaharlanish boʻyicha 84 ta holat yuzaga kelib, 122 kishi halok boʻldi. Bunga yongʻin vaqtidagi holatlar ham hisobga olingan.

2023-yilda 46 holat yuzaga kelgan boʻlsa, 2024-yilning shu davrida 32 ta holat yuzaga keldi.

Tahlillarga koʻra, is gazidan zaharlanish holatlarining aksariyati quyidagi sabablarga koʻra yuzaga kelmoqda:

– fuqarolar tomonidan gaz va muqobil yoqilgʻi (koʻmir, oʻtin va boshqa) turlaridan foydalanishda xavfsizlik choralariga rioya etmaslik;

– nostandart (qoʻlbola yasalgan) yoki sertifikatga ega boʻlmagan isitish pechlari va anjomlaridan foydalanish;

– isitish pechlarining dudburonlarini notoʻgʻri oʻrnatish va oʻz vaqtida texnik koʻrikdan oʻtkazmaslik;

– gaz yoki boshqa muqobil yoqilgʻiga moslashtirilgan isitish pechlari (anjomlari)ni dam olish (uxlash) xonalariga olib kirish;

– havo almashmaydigan xonalarni isitishda ochiq olov (koʻmir va oʻtin choʻgʻlari)dan foydalanish;

– havoni almashtiruvchi shamollatish shaxtalari yoki tuynuklarni berkitib (toʻsib) qoʻyish shular jumlasidan.

“Shuningdek, isitish mavsumida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan koʻngilsiz holatlardan yana biri bu gaz-havo aralashmasi natijasida chaqnash, portlash hamda yongʻinlarning sodir boʻlishidir. Afsuski, bugungi kunda fuqarolarimiz tomonidan yongʻin va texnika xavfsizligi qoidalariga amal qilmaslik oqibatida bunday holatlar tez-tez uchrab turibdi”, – deyiladi maʼlumotda.

Mutaxassislar tomonidan tahlillar olib borilganda, yongʻinlarning 40 foizi elektr uskunalaridan foydalanish qoidalarining buzilishi, 24 foizi ochiq olovdan ehtiyotsizlik bilan foydalanish, 14 foizi isitish pechlarini qurish va ishlatish qoidalarining buzilishi, 10 foizi bolalar shoʻxligi oqibatida hamda boshqa sabablarga koʻra sodir boʻlgan.

Aynan qish mavsumida oʻrtacha har 3 ta sodir boʻlgan yongʻinning bittasi isitish moslamalaridan notoʻgʻri foydalanish yoki nosoz va nostandart isitish moslamalarining ishlatilishidan kelib chiqqan boʻlib, ayanchli oqibatlarga olib kelgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling