Prezidentning “2025-yilda aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Qarorga koʻra, 2025-yilda aholini daromadli mehnat bilan taʼminlash dasturi hamda uning doirasida maqsadli koʻrsatkichlar tasdiqlandi.
2025-yilda Dastur ijrosi doirasida 5,2 million aholini ish bilan band qilish hamda daromadli mehnat bilan taʼminlash maqsadida ayrim tashkilotlar masʼul etib belgilandi.
2025–2026-yillarda Namangan, Toshkent, Xorazm va boshqa viloyatlarda parrandachilik sohasida kooperatsiya tizimida zamonaviy soʻyish korxonalari (kushxonalar) va muzlatkichli omborxonalar, mahsulotlar va chiqindilarni qayta ishlash, naslli joʻjalar yetishtirish va parranda mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlarini oʻz ichiga olgan tayyor biznes loyihalari amalga oshiriladi.
2025-yilda kambagʻal oila aʼzolarini jalb etgan holda:
- 20 ming gektar oʻrmon fondi yerlarida sanoatbop, manzarali va mevali daraxt turlaridan iborat oʻrmonlar barpo etish, koʻchatxonalar tashkil etish va dorivor oʻsimliklar yetishtirish loyihalari amalga oshiriladi;
- jami 100 gektar yer uchastkalarida brussonetiya daraxtini yetishtirish boʻyicha pilot loyihalar amalga oshiriladi.
2025-yil 1-iyuldan “Ekofaol fuqaro” platformasiga oʻzi ekkan daraxti toʻgʻrisida maʼlumotlar kiritgan kambagʻal oilalar aʼzolariga oʻrmon fondi yerlarida ekilgan har 100 ta daraxt uchun BHMning 1 baravari miqdorida subsidiya ajratiladi.