Toshkent viloyati hokimining 2 nafar oʻrinbosari lavozimidan ozod etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatini rivojlantirish vazifalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Toshkent viloyatini rivojlantirish vazifalari yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtmoqda.

Yigʻilishda taʼkidlanishicha, Toshkent viloyatida qishloq yerlari Andijondan 1,5 karra koʻp. Lekin, yetishtiriladigan mahsulot hajmi bir xil. Viloyatda 1 gektardan oʻrtacha daromad Andijondan 2 karra, Namangan va Fargʻonadan 1,5 baravar, Buxorodan 1,3 baravarga kam.

Soʻnggi uch yilda viloyatdagi 21 ming gektar yer dehqonchilik uchun 51 ming nafar aholiga berildi. Lekin, yil boshidan bor-yoʻgʻi 72 million dollarlik meva-sabzavot eksport boʻldi. Bu – oʻtgan yilgidan kam.

Viloyatdagi samarasiz 2 ming 200 gektar bogʻ va tokzor hisobiga yiliga 10 million dollar eksport yoʻqotilayapti.

Suv tejovchi texnologiya boʻyicha Toshkent viloyati eng oxirgi oʻrinlarda.

Bu borada viloyat hokimining qishloq xoʻjaligi boʻyicha birinchi oʻrinbosari B.Alimbekov Toshkent viloyati qishloq xoʻjaligidagi imkoniyatlardan foydalana olmagani, tayyor qilib berilgan tizimni ishlata olmagani uchun lavozimidan ozod etildi.

Yigʻilishda viloyatda kambagʻallikni qisqartirish rejalari koʻrib chiqildi.

Prezident viloyatda “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi doirasida kelasi yili 116 ming aholini kambagʻallikdan olib chiqish boʻyicha hisob-kitoblarni maʼqullamadi.

“Bor imkoniyatlar va yaratib berilayotgan sharoitlar hisobiga viloyatda kambagʻal oila qolishini oʻzi uyat”, - dedi davlat rahbari.

Masalan, Toshkent viloyati kichik biznes orqali aholi ishli qilish boʻyicha respublikada eng oxirgi oʻrinlarda turibdi. Viloyat sanoatining atigi 25 foizi kichik biznesga toʻgʻri keladi. Yoki, oilalar daromadida kichik biznes ulushi 1,5 foizni tashkil qiladi.

Viloyatdagi 12 ming vakant oʻrinning 2 mingtasi obodonlashtirish, gul ekish, koʻcha supirish kabi malaka talab etilmaydigan mehnatga mansub. Lekin, ish izlab yurgan 2 ming aholini bu ishlarga jalb qilish oʻrniga, ularga har yili 4 milliard soʻm ishsizlik nafaqasi toʻlanmoqda.

Faoliyatidagi kamchiliklar va sohadagi ishlar qoniqarsiz olib borilayotgani uchun viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari E.Muxitdinov lavozimidan ozod etildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling