Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida suyultirilgan gaz taʼminotidagi qonunbuzilish holatlarini aniqlash bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi. Bu haqda “Hududgazta‘minot” AJ xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, suyultirilgan gaz xizmati taʼminotchi-chilangari T. A. hamda maxsus avtotransport vositasi haydovchisi M. D. “Baxrin” MFY isteʼmolchilariga yetkazib berilishi lozim bo‘lgan 53 dona maishiy gaz ballonlarini Oqdaryo tumani “Pastki Boybo‘ta” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro E. J. ning xonadonida noqonuniy tashkil etilgan “bunker”ga tushirayotgani aniqlandi.
Tadbir natijasida bir tonnadan ortiq suyultirilgan gaz mahsuloti talon-tarojining oldi olindi va ushbu yoqilg‘i aholi isteʼmolchilariga yetkazib berildi.
Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.