Buxorodagi issiqxonada 8,85 mlrd soʻmlik tabiiy gazdan oʻgʻrincha foydalanilgani aniqlandi

Mazkur jarayon boʻyicha toʻplangan barcha daliliy ashyo va hujjatlar huquq-tartibot organlariga topshiriladi

“Hududgaztaʼminot” AJ Boshqaruv raisi Maʼrufxon Xodjayev topshirigʻi bilan tezkor ishchi guruhlar shakllantirilib, joylarda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash boʻyicha nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.

27-noyabr kuni Buxoro viloyati Kogon tumanida gaz taʼminoti komplayens nazorat tuzilmalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlaridan iborat ishchi guruh oʻtkazgan reyd jarayonida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi. 

Tumanning “Tutkunda” MFYda joylashgan “B. B.” MJCHga qarashli issiqxonada gaz hisoblagichidan tashqari yor osti quvuri orqali aholi uchun moʻljallangan gaz quvuriga yashirincha ulanib, tabiiy gazdan oʻgʻrincha foydalanib kelingani maʼlum boʻldi.

Holat yuzasidan dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz sarfi qayta hisob-kitob qilindi va 8,85 mlrd soʻmlik zarar keltirilgani aniqlandi. 

Mazkur jarayon boʻyicha toʻplangan barcha daliliy ashyo va hujjatlar qonuniy baho berish uchun huquq-tartibot organlariga topshiriladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling