Buxoro va Toshkent viloyatlarida 4,3 mlrd soʻmlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxonalar aniqlandi

Holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda

Buxoro va Toshkent viloyatlarida energiya resurslariga noqonuniy ulangan issiqxonalar fosh etildi, deb xabar berdi Bosh prokuratura huzuridagi Departament.

Maʼlum qilinishicha, “K.E.” MCHJ masʼul shaxslari MCHJga qarashli Kogon tumanidagi issiqxonada umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga yashirincha ulanib, jami 3 mln kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat va jamiyat manfaatlariga 3,6 mlrd soʻm zarar yetkazgan.

Shuningdek, “B.B.” MCHJ rahbari R.Sh. ijara shartnomasi asosida “K.E.” MCHJga tegishli issiqxonadan foydalanib kelib, 488,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Bundan tashqari, Qibray tumanida fuqaro X.T. tijorat maqsadida “Obod” MFY hududida joylashgan issiqxonada umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga rezina shlang yordamida yashirincha ulanib, jami 288,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling