Foto: UzNews.uz
Putin Rossiya, Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida uch tomonlama ittifoq tuzishni taklif qilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur holat jamoatchilik koʻplab muhomakalarga sabab boʻlmoqda. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov oʻzining Telegram kanalida mazkur masalada va Qozogʻiston prezidentining Rossiyaga tashrifi boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.
“Qoʻshni Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlaridan soʻng, yangi va oxirgi yetti yillik vakolatga saylangan prezident Toʻqayev oʻzining birinchi davlat tashrifini Rossiyadan boshlagan. Shu tashrif chogʻida, Rossiya tomoni Toʻqayevga “keling, Rossiya, Qozogʻiston va Oʻzbekiston ishtirokida energetik ittifoq tuzaylik!”, degan taklifni bildirgan. Bunga javoban, Toʻqayev “nima uchun yoʻq, men roziman”, degan, qutulgan”, — deydi u.
Qayd etishicha, avvalo, Toʻqayevning Rossiyaga tashrifini chuqurroq tushunish muhim. Keyingi uch yil davomida, Toʻqayev va Putinning munosabatlari sovuq, ular oʻzaro bir-biriga mutlaq ishonmaydi. Lekin, diplomatik mulozamat qilishga majbur. Putin Ukraina bilan band. Qozogʻistonga ikkinchi frontni ocha olmaydi. Resurs yetmaydi. Toʻqayev ham saylovdan keyingi oʻzining birinchi tashrifini Rossiyadan boshladi.
Bu “tinchlantirish tashrifi” deyiladi: tinchlan, men senga dushman emasman, men senga qarshi bormayman. Agar oʻzing meni xududim va mustaqilligimni hurmat qilsang, dushman boʻlmaymiz. Qozogʻiston elitasi yaxshi tushunadiki, Putinning siyosiy umri katta tezlikda qisqarib borayapti. U sarosimaga tushgan payt, uni qahr-gʻazabini Qozogʻistonga yoʻnalishiga imkon bermaslik kerak. Shuning uchun, Moskvaga borib, Putinni tinchlantirish muhim edi. Endi, Moskva tomonidan “keling, uchlik ittifoqi tuzaylik!” degan taklifga, Toʻqayev “yoʻq” deb javob bersa, mehmonga borib mezbonni yana sazoyi qilgan boʻladi.
“Oʻtgan safar Piterda Putinning yonida oʻtirib «men seni DXR va LXRlaringni tan olmayman!” degani haliga qadar Putinni asabiga tegadi. Shuning uchun, bu safar ham Putinni asabiylashtirmaslik uchun “ha, mayli, boʻlsa boʻla qolsin shu ittifoq!” deb qutildi. Lekin, bu ittifoq Qozogʻistonga ogʻir yuk boʻladi, buni Toʻqayev yaxshi tushunadi”, — deydi siyosatshunos.
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikriga koʻra, Oʻzbekiston Putin taklif qilgan uch tomonlama ittifoqqa qoʻshilmaydi.
“Ishonchim komil, Oʻzbekiston bu ittifoqqa qoʻshilmaydi. Sabablari koʻp. Birinchidan, Oʻzbekiston oʻzining energetik oldi-sottisini Rossiya bilan muvofiqlashtirsa, oʻzining energetik va geosiyosiy mustaqilligini tep-tekis joyda qisqartirgan, toraytirgan yeki yoʻqotgan boʻladi. Ikkinchidan, ihotalangan Rossiyaga energetik va savdo-iqtisodiy hamda geosiyosiy munosabatlar ustidan monopoliyani saqlab qolishda, oʻzining manfaatlarini qurbon qilib boʻlsada, yordam bersa, shimoliy imperiyalizmning yashovchanligini uzaytirgan boʻladi. Qolaversa, ikkilamchi sanksiyalarga oʻzini ataylab duchor qilgan boʻladi.”, — deydi Rabbimov.
Uning qayd etilishicha, Oʻzbekiston, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy eng mustaqil davlat. Hohlaganda KXSHTga kirib, xohlaganda chiqadi. Yevrosiyo Ittifoqida ham kuzatuvchi boʻlib, bu tashkilotga aʼzo davlatlarning oʻzaro aloqalarini ichkaridan va bepul tomosha qilishni yaxshi koʻradi.
Lekin, bu ishlarga aralashib, oʻziga katta masʼuliyat yoki ogʻir gunoh olmaydi. Shu paytgacha Yevrosiyo Ittifoqiga toʻliq kirmagan Oʻzbekiston, endi, sanksiyalar bosimi ostida turgan Rossiyaning yangi “ittifoqi”ga qoʻshiladimi? Menimcha, hali ham baʼzilar Oʻzbekistonni yaxshi tushunmagan koʻrinadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling