Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi tashkil etildi

Hujjatni Aziz Abduhakimov va IUCN bosh direktori Gretel Agilar imzoladi

Ar-Riyod shahrida Oʻzbekistonning Saudiya Arabistonidagi elchixonasi koʻmagida boʻlib oʻtayotgan COP16 konferensiyasi doirasida mezbon davlat shartnomasini imzolash va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) Toshkent shahrida vakolatxonasini tashkil etish marosimi boʻlib oʻtdi.

Hujjatni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va IUCN bosh direktori Gretel Agilar imzoladi.

“IUCN bilan hamkorligimiz qoʻshma loyiha va tadbirlar orqali rivojlanib borayotganidan mamnunmiz. Toshkentda ofisning tashkil etilishi hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonaman. Ekologik muammolar chegara bilmaydi, bu esa kuchlarni birlashtirish va transchegaraviy hamkorlik muhim ekanligini anglatadi. IUCNning Toshkentdagi vakolatxonasi nafaqat Oʻzbekistonga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasiga xizmat qilib, tabiatni muhofaza qilish va barqaror rivojlanish sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishidan mamnunmiz”, — dedi Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov.

Bitim IUCNning Oʻzbekistondagi faoliyati uchun huquqiy asos boʻlib, uzoq yillik hamkorlikdagi muhim bosqichni belgilab beradi. Respublika Ittifoqqa 2021-yilda aʼzo boʻldi. Hujjat davlat organlari bilan yanada samarali hamkorlikni taʼminlaydi hamda IUCNning Oʻzbekiston va mintaqani tizimli va samarali rivojlantirishga qoʻshayotgan hissasini qoʻllab-quvvatlaydi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling