Buxoroda 50 tup daraxtning yonishi oqibatida tabiatga 202,7 mln so‘mlik zarar yetkazildi

Yong‘in oqibatida 38 tup daraxt to‘liq nobud bo‘lgan, yana 12 tasi shikastlangan.

Buxoro viloyatining Jondor tumanida sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida tabiatga 202,7 mln so‘mlik ekologik zarar yetkazildi. Bu haqda Buxoro viloyati Ekologiya boshqarmasi xabar berdi.

Ma‘lum qilinishicha, Jondor tumanining “Po‘loti” MFY hududidagi “Charos” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi hamda unga tutash “B.S.B.” fermer xo‘jaligi hududida yuz bergan yong‘in o‘rganilgan.

Tekshiruv davomida fuqaro S.B. va boshqa noma‘lum shaxslar kollektor atrofidagi qamishzorga o‘t qo‘ygani oqibatida jami 50 tup daraxt yongani aniqlangan. Shundan 38 tup daraxt to‘liq nobud bo‘lgan, yana 12 tup daraxt shikastlangan.

Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, yong‘in oqibatida 38 tup qimmatbaho turang‘il, 5 tup qimmatbaho jiyda hamda 7 tup kam qimmatli oq terak daraxtlariga zarar yetkazilgan. Natijada tabiatga 202 mln 704 ming so‘m miqdorida ekologik zarar yetkazilgani hisoblab chiqilgan.

Mazkur holat yuzasidan zarur hujjatlar rasmiylashtirilgan. Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 198-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling