Hukumat isteʼfoga chiqdi

Prezident farmoniga asosan, amaldagi Vazirlar Mahkamasi yangi tarkibda shakllantirilguniga qadar oʻz faoliyatini davom ettirib turadi

27-oktyabr kuni oʻtkazilgan Parlament saylovlariga muvofiq, Oliy Majlis palatalari yangi tarkibda shakllantirildi.

Konstitutsiyaning 116-moddasi va “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasida Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis oldida oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi belgilangan.

Shu munosabat bilan, 19-noyabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan amaldagi Hukumat yangi saylangan Oliy Majlis oldida vakolatlarini zimmasidan soqit qildi.

Oʻz navbatida, Prezidentning tegishli farmoniga asosan, amaldagi Vazirlar Mahkamasi Hukumat faoliyatida uzviylik va uzluksizlikni taʼminlash maqsadida yangi tarkibdagi Vazirlar Mahkamasi shakllantirilguniga qadar oʻz faoliyatini davom ettirib turishi maʼlum qilinadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling