Prezidentning “Agrosanoat majmuida davlat nazorati tizimini yanada takomillashtirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga koʻra, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (Oʻzagroinspeksiya) Vazirlar Mahkamasi boʻysunuviga oʻtkazildi.
Oʻzagroinspeksiyaga quyidagi qoʻshimcha vazifalar yuklandi:
- bugʻdoyni qabul qilish, saqlash va xaridorlarga yuklab joʻnatish jarayonida yuzaga keladigan tabiiy kamayish miqdorini hisobdan chiqarishni nazorat qilish;
- bugʻdoy yetishtiruvchilardan xarid qilinadigan bugʻdoyni qabul qilish va sotish jarayonlarida standart talablariga koʻra sifat koʻrsatkichlari boʻyicha (muvofiqlik sertifikati) hamda bugʻdoy sinflari (sifat sertifikati) boʻyicha sertifikatlashni nazorat qilish;
- import qilinayotgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining urugʻlik va koʻchat materiallarida geni modifikatsiyalangan organizmlarning (GMO) mavjudligini aniqlash;
- barcha korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlarda qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarining texnik holati, ularning ekspluatatsiya qilinishi samaradorligi, shuningdek, servis va taʼmirlash xizmatlarining sifati, qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalarini majburiy va davriy sinovdan oʻtkazish ustidan nazoratni amalga oshirish;
- sohada davlat nazoratini amalga oshirish va hisobotlarni yuritish jarayonlarini toʻliq raqamlashtirish.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling