Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan ayrim oilalarga subsidiya ajratiladi

Tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalari tashkil etiladi

Prezidentning “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimini moliyalashtirish tartib-taomillarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga koʻra, 2025-yil 1-apreldan “Yoshlar daftari” jamgʻarmalari orqali, 2025-yil 1-sentyabrdan esa “Ayollar daftari” jamgʻarmalari orqali toʻlanadigan bir martalik moddiy yordamlar oʻrniga kam taʼminlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar toʻlanadi.

2025-yil 1-maydan “Ijtimoiy daftarlar” jamgʻarmalari hisobidan davolash va jarrohlik amaliyotini oʻtkazish xarajatlari Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi orqali moliyalashtiriladi.

2025-yil 1-apreldan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatida muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam oʻrniga ushbu hududlarda yashovchi Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini oʻrnatish hamda ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.

Bunda subsidiya xarajatlarning 90 foizi, biroq BHMning 30 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda ajratiladi.

2025-yil 1-maydan ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi bir martalik nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali toʻlanadi.

Tuman (shahar) hokimliklari huzurida “Infratuzilma va ijtimoiy barqarorlik” jamgʻarmalari tashkil etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling