Prezident hamda Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati (MIX) qayta hisoblandi. Bu haqda Statistika agentligi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 2024-yil dekabr oyida may oyiga nisbatan hisoblangan isteʼmol narxlari indeksidan kelib chiqib, 2025-yil uchun hisoblangan minimal isteʼmol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 669 ming soʻmni tashkil etdi (2024-yil 1-mayda eʼlon qilingan qiymat 648 soʻmni tashkil etgan).
Minimal isteʼmol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibiga asosan, kelgusi yil uchun minimal isteʼmol xarajatlari oziq-ovqat, nooziq-ovqat, mahsulotlari va xizmatlar narxlari darajasidan kelib chiqib, indeksatsiya qilib boriladi.
Jahon tajribasida minimal isteʼmol xarajatlari koʻrsatkichidan kambagʻallik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan boʻlib, mazkur koʻrsatkichdan:
- davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy koʻmaklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
- kambagʻallikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
- pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambagʻal oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy koʻmaklarni koʻrsatishda mezon sifatida foydalaniladi.