Prezidentning “Oliy taʼlim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga koʻmaklashish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchilarining ishga joylashtirishiga koʻmaklashishga qaratilgan quyidagilarni nazarda tutuvchi “Kelajakka qadam” dasturi amalga oshiriladi:
- oʻz biznes gʻoyalarini amalga oshirish istagi boʻlgan oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes gʻoyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida toʻliq hamrohlik qilish, shu jumladan qulay shartlarda moliyalashtirish;
- oliy taʼlim tashkilotlarining bitiruvchi va quyi bosqich talabalari oʻrtasida sohalar boʻyicha ochiq tanlovlar oʻtkazish va gʻoliblarni ish bilan taʼminlashga koʻmaklashish.
Bunda salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy maʼlumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qoʻyiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, tanlov gʻoliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga koʻra individual kasbiy taʼlim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi.
Shu bilan birga, individual kasbiy taʼlim dasturlarida ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot oʻtash va chet eldagi oliy taʼlim tashkilotlarida qisqa muddatli oʻquv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.