Sud tizimida Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi

Yangi xizmat sud apparati va Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti xodimlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olish bilan shug‘ullanadi.

Sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish uchun masʼul bo‘lgan Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi. Bu bo‘yicha prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Unga ko‘ra, sud apparati xodimlari orasida korrupsiyaning oldini olish, manfaatlar to‘qnashuvi holatlarini aniqlash va tartibga solish uchun masʼul bo‘lgan Komplayens nazorat xizmati tashkil etiladi.

Xodimlar kasb masʼuliyatini yana-da chuqur his etishlari maqsadida mansab darajasiga ega bo‘lgan sud apparati xodimlari uchun ixtisoslashgan xizmat kiyimini joriy etiladi.

Sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha aniq nazorat mexanizmlari joriy etilgan. 

Sudyalar korpusida korrupsiyaning oldini olish va sudyalar daxlsizligini taʼminlash vazifalari Sudyalar oliy kengashining Sud inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. 

Sud apparati hamda Sudlar faoliyatini taʼminlash departamenti xodimlari faoliyatida korrupsiyaning oldini olish ishlari esa Oliy sudning Komplayens nazorat xizmati tomonidan taʼminlanadi.

Komplayens nazorat xizmati rahbari Oliy sud raisi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

Mehnatga haq to‘lash, moddiy taʼminot va ijtimoiy himoya shartlari bo‘yicha Oliy sud departament boshlig‘iga tenglashtiriladi. 

Komplayens nazorat xizmati lavozimlariga halol, pok va benuqson obro‘-eʼtiborga ega bo‘lgan oliy yuridik maʼlumotli, shuningdek, qoida tariqasida, sud-huquq sohasida kamida 5 yillik ish stajiga ega nomzodlar tayinlanadi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling