Prezident bu yil ijtimoiy himoya boʻyicha qilingan 34 ta muhim yangilikka qoʻshimcha 28 ta yangi tashabbusni ilgari surdi. Kelgusi yilda 1 million 200 ming aholini kambagʻallikdan chiqarish uchun taʼlim, toʻgarak, kasb-hunar, tibbiyot masalalarini hal qilish va yashash sharoitini yaxshilash zarurligi taʼkidlandi.
Toyloq va Kosonsoyda “Ilk rivojlanish markazlari” ochilib, kambagʻal oiladagi va nogironligi boʻlgan 4 ming 200 nafar bolaga bogʻcha taʼlimi berildi. Viloyat hokimlariga oʻzidagi har bir tumanda bittadan shunday tajribani tashkil qilish topshirildi.
Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri H.Umarovaga 2025-yilda kambagʻallik yuqori 1 mingta mahallada bittadan oilaviy bogʻcha faoliyatini yoʻlga qoʻyish topshirildi. Yangi yildan oilaviy bogʻcha oʻrinlarini 15 foiziga kambagʻal oila farzandlari qabul qilinadi va bogʻcha toʻlovi qisman qoplab beriladi.
Kambagʻal oila farzandlarini chet tili, IT va kasb-hunarga oʻqitish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratiladi. Mutasaddilarga 1-martgacha toʻgaraklar ochib, kambagʻal oiladagi 118 ming yoshlarni oʻqitishni boshlash topshirildi.
Toʻgarak xarajati 80 foizgacha byudjetdan qoplanadi. Kambagʻal oilalar farzandlarini tayyorlab, 2025-yilda 3,5 ming yoshlarni oliygohga grant asosida qabul qilish zarurligi qayd etildi.
Oliygoh rektorlari ham kambagʻal oiladan jami 4 ming nafar yoshlarni oʻqitishga bosh-qosh boʻladi. Vazir Q.Sharipovga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.Kambagʻal oilalardagi oʻzi harakatlana olmaydigan 23 ming odamga ota-onasi, turmush oʻrtogʻi, farzandlari, aka-ukasi yoki opa-singlisi qarab oʻtiribdi.
Kelgusi yildan mahalladagi ijtimoiy xodimlar va xususiy sektor ishtirokida bu odamlarni 19 mingiga uyida va 4 mingiga kunduzgi qatnov asosida qarab turish yoʻlga qoʻyiladi. Natijada yaqiniga qarab turgan 15 ming aholinining ishlashiga sharoit yaratiladi.
Xususiy sektor bunday xizmatni koʻrsatgan kambagʻal oilalar xarajatining 80 foizini davlat qoplab beradi. Bu tajriba Toshkent shahrida 1-martgacha, boshqa hududlarda yil yakunigacha yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling