Janubiy Koreyada yo‘lovchi samolyot halokatga uchradi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tailanddan Janubiy Koreyaga uchib kelgan samolyot bortida ekipajning olti nafar a’zosi bilan jami 181 kishi bor edi.
Mamlakat janubi-g‘arbida, Seuldan 288 km masofada bo‘lgan Muan aeroportiga qo‘nish chog‘ida u uchish-qo‘nish yo‘lagi tashqarisiga chiqib ketib, to‘siqqa urilgan.
Koreya televideniyesida namoyish etilgan kadrda samolyot shassisi chiqmay qolgan holda qo‘ngani va to‘qnashuvdan keyin kuchli yong‘in chiqqani aks etgan. Yong‘in qamrab olgan samolyot ikkiga bo‘linib ketgan.
Aviahalokat 179 kishini hayotdan olib ketgan. Samolyot bortida jami 181 kishi bor edi: 175 yo‘lovchi hamda ekipajning olti nafar a’zosi. Yo‘lovchilarning aksari, 173 kishi — Janubiy Koreya, yana ikki nafari — Tailand fuqarolari bo‘lgan.
Hodisa sabablari hozircha ma’lum emas. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyot qushlar bilan to‘qnashuv tufayli boshqaruvni yo‘qotgan bo‘lishi mumkin.
Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling