Janubiy Koreyada harbiy holat eʼlon qilindi – tafsilotlar

Keyinroq mamlakat parlamenti harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi

Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etdi. 

“Men erkin Koreya Respublikasini shimoliy koreyalik kommunistik kuchlar tahdididan himoya qilish, xalqimiz erkinligi va baxtini oʻgʻirlayotgan jirkanch Shimoliy Koreya tarafdori boʻlgan davlatga qarshi kuchlarni tag-tomiri bilan yoʻq qilish va erkin konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilish maqsadida harbiy holat eʼlon qilaman”, — degan Yun Sok Yol.

Prezident muxolifat partiyalari mamlakatni inqirozga uchratishga urinayotgani uchun shunday choraga qoʻl urganini aytgan.

Yonsandagi prezident ofisida oʻtkazilgan favqulodda brifingda Yun Sok Yol mamlakat parlamenti hukumat amaldorlariga qarshi koʻplab impichment jarayonlarini qoʻzgʻatgani, bu esa davlat tizimi faoliyatini izdan chiqarganini aytgan.

Keyinroq Janubiy Koreya parlamenti mamlakatda harbiy holatni bekor qilish uchun ovoz berdi. Koʻplab deputatlar xavfsizlik kuchlari tomonidan oʻrab olingan Milliy assambleya binosiga kirdi va ovoz berish jarayonini oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi elchixonasi ushbu mamlakatda boʻlib turgan vatandoshlarga murojaat bilan chiqdi.

“Bugungi kunda mamlakatda yuzaga kelayotgan ichki siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, barchangizdan Janubiy Koreyada turli xil mitinglar va namoyishlarda ishtirok etmaslikka, odamlar gavjum joylarga bormaslikka, oʻzingizning shaxsiy xavfsizligingiz va sogʻligingizni ehtiyot qilishga chaqirib qolamiz”, – deyiladi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling